BMT delegatsiyasi bilan uchrashuv

 

2019-yil 23-oktabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari Svetlana Artikovaning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi yordamchisi – BMT Taraqqiyot dasturi ma’muri maxsus maslahatchisi Abdula Mar Diye boshchiligidagi BMT delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga, mamlakatni va umuman mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish, zamon tahdidlari va xavflariga qarshi kurashish, ekologik muammolarni hal qilish, jumladan, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning eng dolzarb vazifalari ekani ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston Orol dengizi fojeasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bu yo‘nalishda nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 25-oktabr kuni Nukus shahrida BMT shafeligida “Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb nomlangan yuqori darajadagi Xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.

Перевести текст на: ru en